Kattalar o‘qishi va ularga taʼlim berish hayot davomida taʼlim olishning muhim qismi bo‘lib hisoblanadi va hozirgi zamonda bunday taʼlim butun dunyodagi odamlar va jamiyat duch kelayotgan masalalarni yechishda muhim rol o‘ynamoqda. YUNESKOning kattalar taʼlimi bo‘yicha 2009 yil dekabrda o‘tkazilgan oltinchi Xalqaro konferensiyasida (CONFINTEA VI) qabul qilingan «Belen harakatlar meʼyori»da aytilishicha, «Kattalar o‘qishi va ularga taʼlim berish odamlarga o‘z haq-huquqlarini rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish hamda o‘z taqdirlarining egalari bo‘lishlari uchun zarur bilimlar, malakalarni egallash, fazilat va qadriyatlarni qaror toptirishga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birgalikda kattalar o‘qishi va ularga taʼlim berish adolat va inklyuzivlikka erishish, qashshoqlikning ko‘lamini kamaytirish va savodxonlikka asoslangan adolatli, bardoshli va barqaror jamiyat yaratish uchun mutloq zaruriyat bo‘lib hisoblanadi» (YUNESKO 2009).
Biroq kattalar taʼlimini to‘liq amalga oshirish uchun u tegishli kasbiy kompetensiyalarga ega bo‘lgan odamlarga tayanishi kerak. Odatda maktablarda bolalarga dars beradigan o‘qituvchilar o‘qituvchilik faoliyatini boshlashdan avval ko‘pincha universitetlarda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar, kattalarga dars beradiganlar uchun esa bu ko‘p hollarda unday emas. Shuning uchun kattalar taʼlimi sohasini professionallashtirish alohida mamlakatlar darajasida ham, xalqaro miqyosda ham butun dunyoda asosiy muammo sifatida qabul qilinadi.
«Belen harakatlar meʼyori» bu sohadagi asosiy vazifalardan biri hisoblangan kattalar taʼlimi sohasida ish olib boradigan mutaxassislarning kasbiy malakalarini oshirishni belgilaydi va quyidagilarni qayd etadi: «Kasbiy mahoratning talab darajasida bo‘lmasligi va pedagoglarni tayyorlashga imkoniyatlarning yetishmasligi kattalarni o‘qitish va ularga taʼlim berish dasturlarining sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Kattalar taʼlimi bo‘yicha 150dan ortiq mamlakatlar tomonidan konferensiyaga tayyorlangan maʼruzalarning uchdan bir qismida malakali xodimlarning yetishmasligi haqidagi eslatmalar o‘rin olgan bo‘lib, bu masala hal qilinishi uchun choralar ko‘rilishi kerak bo‘lgan yirik muammolardan biri ekanligi aks ettirilgan. (Hayot davomida taʼlim olish bo‘yicha YUNESKO instituti/UIL/2009).
Ushbu holatga YUNESKOga aʼzo davlatlarning javobi shunday bo‘ldi-ki, CONFINTEA konferensiyasida qabul qilingan boshqa qarorlardan tashqari “kattalar bilan ish olib boradigan pedagoglarning masalan, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari, o‘qituvchilar uyushmasi va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vositasida tayyorgarligini, salohiyatni oshirish, yollash shartlari va kasbiy mahoratini takomillashtirish” majburiyatlarini o‘z zimmalariga oldi (o‘sha joyda).
YUNESKO – kattalar uchun o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi muhimligini ilgari surayotgan yagona tashkilot emas. Yevropa ittifoqida kattalar taʼlimi sohasini profesionallashtirish mavzusi ko‘p yillar mobaynida Yevropa komissiyasining kattalar taʼlimiga bag‘ishlangan (Yevropa komissiyasi 2006), bir yildan keyin (Yevropa komissiyasi 2007) harakatlar rejasi ishlab chiqilgan, shuningdek 2011 yildagi Yevropa kengashining kattalar taʼlimi bo‘yicha yangilangan Yevropa Dasturlari (Yevropa kengashi 2011) birinchi bayonotidan so‘ng siyosiy doiralarda tobora o‘sib borayotgan eʼtiborni jalb qilib kelmoqda. Shundan buyon, ko‘plab loyihalar, kompetensiyalarga qo‘yiladigan talablarni aniqlash uchun milliy va transmilliy hamkorlik dasturlari, kattalar taʼlimi va kasbiy taʼlim sohasidagi o‘qituvchilar uchun standartlarni belgilash va taʼlimiy imkoniyatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar boshlandi. (Masalan, kasbiy taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa markazi – CEDEFOP 2013).
Bu ishlanmalar quyida tavsiflangan Kattalar taʼlimi bo‘yicha Germaniya instituti – Leybnis nomidagi Hayot davomida taʼlim olish Markazi (DIE) va Xalq universitetlari nemis assotsiatsiyasi xalqaro hamkorlik instituti (DVV International)ning universitetdan tashqari sektorda kattalarni o‘qitishning tayanch tamoyillariga asoslangan, millatlararo miqyosda foydalanishga to‘g‘ri keladigan va xalqaro ilmiy standartlarga muvofiq bo‘lgan kattalar uchun o‘qituvchilarni tayyorlash, o‘quv dasturlarini tayyorlash va tarqatish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihasi asosida yotadi.
Curriculum globALE dasturi ushbu tashabbusning natijasi bo‘ldi. Curriculum globALE dasturining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• umumiy dastlabki meʼyorlarni taqdim qilish orqali kattalarga taʼlim beruvchi o‘qituvchilarning kasbiy
mahoratini oshirish;
• kattalar uchun taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot/muassasalarga trenerlar tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam ko‘rsatish;
• butun dunyodagi kattalarga taʼlim beruvchi o‘qituvchilarning bilimlarni almashish va o‘zaro hamjihatlik o‘rnatishlariga ko‘maklashish.